QORAQALPOG‘ISTON AGROBIOTSENOZLARI VA TABIIY EKOTIZIMLARIDA BO‘G‘IMOYOQLILAR RIVOJLANISHIGA TA’SIR ETUVCHI EKOLOGIK OMILLAR TASNIFI.
Abstract
Maqolada Qoraqalpog‘iston Respublikasi agrobiotsenozlari va ularga tutash tabiiy ekotizimlarda uchraydigan bo‘g‘imoyoqlilar rivojlanishiga ta’sir etuvchi ekologik omillar tasnifi tahlil qilingan. Tadqiqot materiallarini 2015–2019-yillarda Chimboy, Kegeyli va Nukus tumanlarida olib borilgan kuzatuvlar tashkil etadi. Bo‘g‘imoyoqlilar tarkibida hasharotlar (Insecta), kanalar (Acari), ko‘poyoqlilar (Myriapoda) va qisqichbaqasimonlar (Crustacea) guruhlari ko‘rib chiqilgan. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, hasharotlar o‘rganilgan biotoplarda uchrash darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega guruh sifatida qayd etilgan. Kanalar, ayniqsa, g‘o‘za maydonlarida ko‘p uchragan. Bo‘g‘imoyoqlilar rivojlanishiga ta’sir etuvchi ekologik omillar abiotik, gidro-edafik, biotik va antropogen yo‘nalishlarda tizimlashtirilgan. Bunda gidro-edafik omillar abiotik omillarning tarkibiy qismi sifatida qaralib, suv va tuproq sharoitlarining ekologik ahamiyatini alohida tahlil qilish uchun mustaqil tahliliy guruh sifatida ajratilgan. Ayrim kuzatuvlarda 24–27 °C harorat va 40–60 foiz nisbiy namlik muayyan turlar faolligi uchun qulay sharoit sifatida qayd etilgan. Yuqori harorat davrlarida ayrim hasharotlarning oziqlanish va harakat faolligi pasaygani kuzatilgan. Taklif etilgan tizimli yondashuv bo‘g‘imoyoqlilar ekologik talablarini tahlil qilish, zararkunandalar monitoringini takomillashtirish hamda integratsiyalashgan himoya tadbirlarini ekologik jihatdan asoslashda qo‘llanishi mumkin.