DONNI SAQLASHDA TABIIY TUNGI SOVUQDAN FOYDALANISH: FAOL SHAMOLLATISHNING IQLIMIY SALOHIYATI VA EKOLOGIK SAMARASINI BAHOLASH (NAVOIY VILOYATI MISOLIDA)
Kalit so‘zlar:
don saqlash;, faol shamollatish;, tabiatga asoslangan yechimlar;, tabiiy sovutish; , iqlim ma’lumotlari; , energiya tejash, CO₂ emissiyasiAnnotatsiya
Maqolada quritish uskunalari bo‘lmagan don omborlarida donni sovutish uchun tungi tabiiy sovuqdan foydalanish kimyoviy ishlov va sun’iy sovutishga muqobil, tabiatga asoslangan yondashuv sifatida ko‘rib chiqilgan. Navoiy shahri bo‘yicha 1991–2020-yillar iqlim normalari va havo haroratining sutkalik o‘zgarishini sinusoidal approksimatsiyalash asosida don harorati 30, 25 va 20 °C bo‘lganda sutkadagi shamollatishga yaroqli soatlar soni hamda “sovutish salohiyati” (°C·soat/sutka) hisoblandi. Yoz oylarida salohiyat 69–98 °C·soat/sutka bilan cheklangani va donni faqat 20–22 °C gacha sovutish mumkinligi, sentabr–oktabrda esa u 2–7 barobar ortib, donni 14 °C va undan pastgacha sovutish imkonini berishi ko‘rsatildi. Davlat resursi uchun qabul qilinadigan 2,85 mln t bug‘doy misolida shamollatishni adaptiv boshqarish yiliga 1,6–2,2 GVt·soat elektr energiyasini va 838–1173 t CO₂ emissiyasini tejashi baholandi.