KORXONALARNING IQTISODIY SAMARADORLIGINI OSHIRISH VA ZARARLI BIRIKMALARNI ATMOSFERAGA CHIQARIB TASHLASHNING ME’YORIDA AMAL QILINISHINI TA’MINLASH
Keywords:
shifer ishlab chiqarish, asbest changi, sement changi, atmosfera havosi, ifloslantiruvchi moddalar, tashlamalar inventarizatsiyasi, ekologik monitoring, chang-gaz tozalash uskunalari, kompensatsiya to‘lovlari, ekologik samaradorlikAbstract
Ushbu maqolada Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoat korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati va ularning atrof-muhitga ta’siri kompleks tarzda o‘rganilgan. Tadqiqot davomida korxonalarda texnologik jarayonlar natijasida atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar manbalari, ularning tarkibi va miqdoriy ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, tashlamalar inventarizatsiyasini yuritish hamda ekologik me’yorlarga rioya etish holati o‘rganilgan. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalarida mavjud chang-gaz tozalash uskunalarining texnik holati, ishlash samaradorligi va atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirishdagi ahamiyati tahlil qilingan. Tadqiqotning asosiy qismi Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi “URGUT TEXTILE SHIFER” MCHJ misolida olib borilib, shifer ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan sement va asbest changi hamda boshqa gazsimon ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosiga ta’siri hisobiy-tahliliy usullar asosida baholangan. Korxonadan atmosferaga chiqariladigan tashlamalarning tarqalish xususiyatlari “Eko-sentr” dasturi yordamida modellashtirilib, ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining belgilangan ekologik me’yorlarga muvofiqligi tahlil qilingan.
Olingan natijalar asosida chang-gaz tozalash tizimlarini takomillashtirish, atmosfera havosiga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish hamda kompensatsiya to‘lovlarini qisqartirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarishning iqtisodiy-ekologik samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.