QURG‘OQCHIL IQLIM SHAROITIDAGI QISHLOQ XO‘JALIGI LANDSHAFTIDA IQLIM O‘ZGARUVCHANLIGI VA TUPROQ SHO‘RLANISHI XAVFI: SIRDARYO VILOYATI BOYOVUT TUMANI MISOLIDA
Kalit so‘zlar:
Iqlim o‘zgarishi, tuproq sho‘rlanishi, NDSIAnnotatsiya
Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarida tuproq xususiyatlari hamda yer resurslariga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Mazkur tadqiqot Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida iqlim o‘zgaruvchanligi va tuproq holati o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotda 2016-2025-yillarga oid o‘n yillik gidrometeorologik ma’lumotlar, jumladan, havo harorati, yog‘in miqdori va tuproq harorati ko‘rsatkichlari milliy gidrometeorologiya xizmatidan olindi hamda tavsifiy statistika, chiziqli trend va korrelyatsion tahlil usullari yordamida tahlil qilindi. Tuproq sho‘rlanishining hududiy taqsimlanishi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida hisoblangan Normallashtirilgan sho‘rlanish indeksi (NDSI) yordamida baholandi. Natijalarga ko‘ra, tadqiqot davrida havo haroratining o‘n yillik o‘rtacha qiymati 16,21 °C, yillik yog‘in miqdoriniki 307,1 mm va tuproq haroratiniki 18,66 °C ni tashkil etdi. NDSI asosida tuzilgan xarita tuman umumiy maydonining taxminan 19,5 foizi sho‘rlanish xavfi mavjud hududlarga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi. Bunday hududlar, asosan, tumanning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Tadqiqot yakunida iqlim o‘zgarishi sharoitida yer resurslarini muhofaza qilish va ularning barqarorligini oshirish maqsadida o‘rmonzorlar barpo etish, qoplovchi ekinlardan foydalanish, organik mulchalash hamda suv resurslarini samarali boshqarish kabi tabiatga asoslangan yechimlarni qo‘llash tavsiya etiladi.