QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI CHIMBOY TUMANIDA IQLIM TRENDLARI VA SUG‘ORILADIGAN TUPROQLAR SHO‘RLANISHI: KO‘P YILLIK TAHLIL VA TABIATGA ASOSLANGAN YECHIMLAR
Kalit so‘zlar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Chimboy tumani, iqlim o‘zgarishi, havo namligi, shamol, tuproq sho‘rlanishi, elektr o‘tkazuvchanlik, mulchalash, tabiatga asoslangan yechimlar.Annotatsiya
Maqolada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanining 1971-2025 yillardagi iqlim ko‘rsatkichlari (havo harorati va nisbiy namligi, yog‘inlar, shamol tezligi) hamda 2011-2025 yillarda sug‘oriladigan tuproqlar haydalma qatlami (0-30 sm) sho‘rlanishi dinamikasi tahlil qilingan. O‘rtacha yillik havo harorati 1973-2025 yillarda 14,1 °C atrofida barqaror, sezilarli trend aniqlanmadi; yillik yog‘in miqdori o‘rtacha 170 mm. Shamol tezligi bahorda (III-V oylar, 2,9 m/s) eng yuqori, havoning nisbiy namligi esa ishonchli kamaymoqda (-1,2 %/10 yil, p < 0,001). Tuproq eritmasining elektr o‘tkazuvchanligi (EC 1:1) 3,75 dan 2,05 dS/m gacha (-0,87 dS/m/10 yil, p = 0,04), tuzlar yig‘indisi 0,30 dan 0,20 % gacha kamaydi, biroq xloridlarning nisbiy ulushi ortdi. Iqlim ko‘rsatkichlari va sho‘rlanish o‘rtasida statistik ahamiyatli bog‘liqlik aniqlanmadi, sho‘rlanish dinamikasini asosan suv-meliorativ omillar belgilaydi. Tuman sharoiti uchun tabiatga asoslangan yechim sifatida haydalma yer yuzasini o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash texnologiyasi taklif etildi va uni Qizil-o‘zak massivida sinash tavsiya qilindi; dukkakli va sho‘rga chidamli ekinlarni kengaytirish hamda ixota daraxtzorlarini barpo etish tavsiya etiladi.