SIRKULYAR BIZNES MODELLAR XALQARO TAJRIBASI:GERMANIYA MISOLIDA
Annotatsiya
Maqolada Germaniyada sirkulyar biznes modellarni shakllantirish tajribasi o‘rganilgan. Qadoqlar uchun ishlab chiqaruvchi mas’uliyatini dunyoda birinchilardan bo‘lib joriy etgan qonunchilik tizimi, ichimlik idishlari uchun garov tizimi, “Kreislaufwirtschaftsgesetz” qonuni va 2024-yilda qabul qilingan Milliy sirkulyar iqtisodiyot strategiyasi tahlil qilingan. Shuningdek, avtomobil ehtiyot qismlarini qayta tiklash va elektron qurilmalarni ijaraga berish modellari ko‘rib chiqilgan. Tahlilda Germaniya Federal atrof-muhit idorasi, Yevropa atrof-muhit agentligi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlari va kompaniyalarning rasmiy hisobotlaridan foydalanilgan. Germaniyada maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 2024-yilda 67,5 foizga yetib, Yevropa Ittifoqida eng yuqorilar qatoriga kirgani, ammo aylanma material ulushi 2010–2023-yillarda atigi 11,2 foizdan 13,9 foizgacha o‘sgani aniqlangan. Hozirgi sur’at saqlansa, 2030-yilda bu ko‘rsatkich 15,4 foizdan oshmaydi, 23,2 foizlik maqsadga yetish uchun esa o‘sish 6,4 baravar tezlashishi kerak. Bu holat chiqindini qayta ishlashdan tashqari mahsulotdan uzoq foydalanishga qaratilgan biznes modellarni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatgan. Olingan natijalar asosida O‘zbekiston uchun sirkulyar biznes modelining sxemasi va uni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.